📍 Toshkent, 23-iyul 2025
Kuni kecha poytaxtimizda “Hilton Tashkent City” mehmonxonasida “Elektr energetika rivojida xalqaro moliya institutlari va mahalliy korxonalar hamkorligi” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir elektr energetika sohasida xalqaro va mahalliy ishtirokchilar o‘rtasidagi strategik hamkorlikni mustahkamlashga qaratildi.

Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, Osiyo taraqqiyot banki (OTB), Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) hamda yirik xalqaro va mahalliy kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.
Tadbir doirasida xalqaro moliyaviy institutlar tomonidan moliyalashtirilayotgan istiqbolli loyihalar taqdim etildi, “RBL” va “PforR” kabi natijaga yo‘naltirilgan moliyaviy mexanizmlar bo‘yicha tajriba almashildi. Konferensiyaning asosiy maqsadi – mahalliy ishlab chiqaruvchilar va pudrat tashkilotlarini xalqaro moliyalashtirish loyihalariga keng jalb qilish, energetika infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro aloqalarni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.

NURA Group kompaniyasi ushbu muhim xalqaro forumda ishtirok etib, o‘zining elektr texnik uskunalar sohasidagi imkoniyatlari, ishlab chiqarish salohiyati hamda foydalanishga tayyor holatda taqdim etiladigan kompleks yechimlari bilan tanishtirdi. NURA Group’ning zamonaviy ishlab chiqarish liniyalari, yuqori kuchlanishli uskunalar bo‘yicha tajribasi va kompleks EPC loyihalardagi ishtiroki ko‘plab xorijiy va mahalliy mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Tadbir doirasida kompaniya stendida OAV vakillariga intervyular taqdim etildi, shuningdek turli qurilish-montaj tashkilotlari va xalqaro moliyaviy institutlar vakillari bilan muloqotlar olib borildi.
Tadbir yakunida Energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov NURA Group’ning xizmatlari bilan bevosita tanishib chiqdi va kompaniya tomonidan taklif etilgan yechimlarga yuqori baho berdi. NURA Group’ning elektr energetika sohasidagi o‘sib borayotgan roli va mahalliylashtirish darajasi energetika tizimidagi barqarorlik va samaradorlikni oshirish yo‘lidagi muhim omil sifatida e’tirof etildi.

NURA Group uchun ushbu konferensiyada ishtirok etish — bu nafaqat tajriba almashish va hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish, balki global energiya transformatsiyasida faol ishtirok etish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.




















